„Nihol“ olmon-o’zbek ilmiy madaniy jamiyati

Ushbu jamiyat Germaniya Federativ Respublikasining Berlin shahrida ilmiy izlanish olib borayotgan hamda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan bo’lib, jamiyat adliya vazirligining, Berlin Charlottenburg bo’limida 12.05.2015 yil VR 34080 B qarori bilan rasman „Nihol“ e.V. olmon-o’zbek ilmiy madaniy jamiyati sifatida ro’yxatga olindi. Jamiyat nizomiga ko’ra, jamiyatning asosiy faoliyat doirasi ilmiy va madaniy yo’nalishga qaratilgan bo’lib, hech qanday siyosiy va tijoriy maqsadlarni ko’zlamaydi. Jamiyat tomonidan tashkil qilinadigan tadbirlar sarf-xarajatlari a’zolik badali, va qatnashilayotgan loyihalar uchun ajratilgan mablag’lar orqali qoplanadi. 

Jamiyatning asosiy vazifalari qilib quyidagilar belgilandi:

Ilmiy yo’nalishda:

  • Germaniya davlatining turli universitetlarida o’qiyotgan O’zbekistonlik talabalar, ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlarni har xil seminar va konferentsiyalar tashkil qilish orqali ilmiy-amaliy fikr almashinuviniga ko’maklashish
  • Germaniyada tahsil olish qonun qoidalari, sug’urta, viza va boshqa huquqiy masalalarda amaliy yordam ko’rsatish
  • Har xil grant dasturlari va ularga hujjat topshirish tartiblari to’g’risida muntazam ma’lumotlar berib turish
  • Turli yo’nalishda o’qiyotgan va ilmiy izlanish olib borayotgan vatandoshlarimiz uchun yagona tarmoq (Networking) yaratish

Madaniy yo’nalishda:

  • Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz uchun milliy bayramlarimizni tashkil etish
  • Turli madaniy tadbirlarda ishtirok etib, shu tadbirlar orqali nemis fuqarolarini ham yurtimizning boy tarixi, madaniyati bilan tanishtirish
  • Sog’lom turmush tarziga yo’naltirilgan turli sport musobaqalarini tashkil qilish va mazkur tadbirlarda faol ishtirok etish
  • O’sib-ulg’ayib kelayotgan yosh avlod vakillari uchun o’zbek tili kurslari, maktabdan tashqari to’garaklarni yo’lga qo’yish